O‘zbekiston terma jamoasi JCH–2026 oldidan tayyorgarlik rejasini eʼlon qildi

Terma jamoa may oyida Toshkentda yig‘in o‘tkazib, so‘ng AQSHga yo‘l oladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH–2026 oldidan tayyorgarlik rejasini eʼlon qildi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.

Jamoa 5–25-may kunlari Toshkentda yig‘in o‘tkazib, mahalliy klublarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etadi. Xususan, 10-may kuni “Surxon”, 16-may kuni “Neftchi” va 22-may kuni terma jamoa ikkiga bo‘lingan holda o‘zaro bahs olib boradi.

26-may kuni terma jamoa Toshkentdan Nyu-Yorkka yo‘l oladi. 27–29-may kunlari AQSHda mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

1-iyun kuni O‘zbekiston Kanadaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Uchrashuv Edmontondagi Commonwealth Stadium‘da bo‘lib o‘tadi.

8-iyun kuni esa jamoa Nyu-Yorkdagi Icahn Stadium‘da Niderlandiyaga qarshi bahs olib boradi.

10-iyundan O‘zbekiston terma jamoasi Atlantadagi JCH bazasiga ko‘chib o‘tadi. 

Jamoa guruh bosqichida 17-iyun kuni Kolumbiya, 23-iyun kuni Portugaliya va 27-iyun kuni Kongo DRga qarshi o‘ynaydi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling