Foto: Tez News
Qashqadaryoda onlayn aviachipta sarlavhasi ostida soxta eʼlonlar joylashtirib, firibgarlik qilib kelgan fuqaroga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro ariza bilan murojaat qilgan. Unga koʻra, uning oʻgʻli Rossiyaga mavsumiy ishchi boʻlib ketmoqchiligi, ammo Telegramʼda nomaʼlum shaxs unga onlayn aviachipta olib berishiga ishontirgan.
Shuningdek, 3,5 million soʻm pulini bank kartasiga oʻtkazib olganidan soʻng gʻoyib boʻlganini bildirib, pullarni qaytarib olishda yordam va nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlik yoʻli bilan pullarni oʻzlashtirgan shaxs Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi 25 yoshli fuqaro ekani aniqlangan.
Maʼlum qilinishicha, u turli ijtimoiy tarmoqlarda onlayn aviachipta sarlavhasi ostida soxta eʼlonlar joylashtirib, firibgarlik yoʻli bilan fuqarolarning pullarini oʻzlashtirgani maʼlum boʻlgan.
Xabarga koʻra, mazkur fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling