Jizzaxda tibbiyot universitetining filiali tashkil etiladi

Ayni paytda Jizzaxda beshta universitet filiali faoliyat yuritmoqda

Foto: O'zA

Foto: O'zA

2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Samarqand davlat tibbiyot universitetining Jizzax filiali tashkil etiladi. Bu haqda “OʻzA” axborot agentligi xabar bermoqda.

SamDTU Jizzax filialining asosiy vazifalari hududda malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish kabilardan iborat.

Shuningdek, fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlari tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolar yechimiga qaratilib, tibbiy taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bogʻliqligi yoʻlga qoʻyiladi.

Xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-oʻqituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish va rivojlantirish asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlarga iqtidorli yosh bitiruvchilarni magistratura, doktoranturaga muntazam yuborish orqali filialda ilmiy-pedagogik kadrlar salohiyatini oshirib borish ham koʻzda tutilgan.

SamDTU Jizzax filialining mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish va ilgʻor xalqaro tajribalarni tatbiq etish ham rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2023-2024 oʻquv yilidan Jizzax davlat pedagogika universitetining “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” bakalavriat taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarga oʻqishini SamDTUning Jizzax filialida davom ettirishlariga ruxsat beriladi.

Eslatib oʻtamiz, ayni paytda viloyatda Jizzax davlat pedagogika universiteti, politexnika instituti, Sambharm universiteti, Oʻzbekiston Milliy hamda Qozon Federal universitetlarining Jizzax filiallari faoliyat olib bormoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling