Qarshida Kadastr agentligi tuman bo‘limi yetakchi inspektori ushlandi

U fuqaro noqonuniy egallab olgan yerga qo‘llanilgan jarimani bartaraf qilib bermoqchi bo‘lgan.

Ikkita hududda yer maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Kadastr agentligining Qarshi tuman bo‘limi yetakchi inspektori o‘zining mansabdor tanishlari orqali fuqaro tomonidan noqonuniy egallab olingan 12 sotix yer uchun qo‘llanilgan 82 mln so‘m jarimani bartaraf qilib berishni vaʼda qilgan.

Shuningdek, u mazkur yerning kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. 

Shahrisabz tumanida esa 59 yoshli shaxs va Davlat kadastrlari palatasining tuman filiali xodimi o‘zaro til biriktiradi.

Ular mahalliy dehqon xo‘jaligiga tegishli 9 sotix yerni mansabdor tanishlari orqali qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona rahbari nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qiladi.

Buning evaziga 7 ming dollar talab qilishgan. Oldindan 4 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling