Farg'onada noqonuniy mayning ferma tashkil qilib, jamiyatga 2 mlrd so'mdan ortiq zarar yetkazgan shaxslar ushlandi

Ular 920 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan

Foto: Prokuratura Departamenti<br>

Foto: Prokuratura Departamenti

Fargʻona viloyatida noqonuniy mayning ferma tashkil qilib, jamiyatga 2 mlrd soʻmdan ortiq zarar yetkazgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va ETK xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv ishlari oʻtkazilgan.

Olib borilgan tekshiruvlar davomida “K.a.” MCHJ rahbari korxonaning Uchkoʻprik tumanidagi yordamchi xoʻjaligida goʻyoki kompyuter texnikalarini taʼmirlash sexini tashkil etib, amalda 179 dona ”Antminer” mayning qurilmalarini oʻzboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga ulangani aniqlangan.

Mazkur oʻzboshimchalik ortidan u 794,7 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,8 mlrd soʻm zarar yetkazganligi maʼlum boʻlgan.

Yana bir holatda Qoʻqon shahar boʻlimi tomonidan viloyat DXX va ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro oʻz uyida muzlatgichlarni taʼmirlash sexi tashkil etgani maʼlum boʻlgan.

Xabarga koʻra,u amalda 6 dona “Antminer” mayning qurilmalarini oʻzboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga ulab, 126,1 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 283,8 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan JKning 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling