Foto: Bosh prokuratura departamenti
Qashqadaryo viloyat Chiroqchi tumanida oʻzini prokuratura organi xodimi sifatida tanishtirgan shaxs qoʻlga olindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Tumandagi maktab direktorining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tezkor tadbirda oʻzini Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tezkor xodimi deb tanishtirgan shaxs direktordan maktabda tekshirish oʻtkazmaslik evaziga 400 dollar talab qilgan. Shundan 2,2 mln soʻmni turmush oʻrtogʻining plastik kartasiga oʻtkazib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida oʻzini departament xodimi deb tanishtirgan fuqaro aslida hech qayerda ishlamaydigan, muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan Koson tumanida yashovchi shaxs ekani maʼlum boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling