"Farg'onaazot" Singapur kompaniyasiga sotiladigan bo'ldi

Korxonani sotib olishga 10 ta daʼvogar ariza bergan

“Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyati Singapurning Indorama kompaniyasiga 140 million dollarga sotiladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, “Fargʻonaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aksiyalari paketi Indorama Corporation Pte. Ltd (Singapur) kompaniyasiga sotilishi boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Xususiylashtirish jarayoniga Deloitte xalqaro konsalting kompaniyasi yetakchi konsultant, Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC) strategik maslahatchi, KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi esa mustaqil baholovchi sifatida jalb etilgan.

Korxonani sotib olishga 10 ta daʼvogar ariza bergan. Eng maqbul taklif Indorama tomonidan taqdim etilgan.

Taklifga koʻra, sotib olish qiymati qariyb 140 million dollarni (130 mln AQSH dollari va 107 mlrd soʻmni) tashkil etadi, shuningdek.

“Mineral oʻgʻitlar ishlab chiqaruvchi yirik xalqaro ishlab chiqaruvchilardan biri boʻlgan Indorama korporatsiyasi hozirda ishlab chiqarish quvvatlarining umumiy eskirishi 80 foizdan ortiq boʻlgan korxonani toʻliq modernizatsiya qilish imkoniyatiga ega boʻlishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, investorning majburiyatlari qatoriga korxonaning barcha mavjud ijtimoiy dasturlarini saqlab qolish, xodimlar soni va ish haqi darajasini saqlab qolish, xodimlarning malakasini oshirishni tashkil etish, zamonaviy ekologik nazorat dasturini ishlab chiqish kiradi.

Tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlardagi normani tartibga solgan holda, tabiiy gaz yetkazib berishni taʼminlash va uning mahsulotlari uchun erkin bozor yaratish masalalarini hal etish yakunlari boʻyicha bitimni toʻliq yopish yakunlanadi.

Maʼlumot uchun, “Fargʻonaazot” “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Zavod mahsulotlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabni qondirish bilan birga, xorijiy mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda.

Indorama oʻgʻitlar, polimerlar, sanoat kimyoviy moddalari, tolalar, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va tibbiy qoʻlqoplar ishlab chiqaruvchi dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biridir.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling