Xorazmda fuqaroni IIOga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan inspektor ushlandi

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hududlarda ishga kiritish, ruxsatnoma olish va nafaqa tayinlash bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Xorazm viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kichik inspektori Xonqa tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kiradi.

Inspektor uning tanishini IIOga ishga kiritib qo‘yish evaziga 4500 dollar talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda, inspektor oldindan 1800 dollar va 2,4 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent viloyatida tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi metodisti xususiy oilaviy bog‘cha tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqarodan xonadonning sanitariya talablariga mosligi bo‘yicha ruxsatnoma tayyorlatib berish evaziga 1,5 mln so‘m hamda yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan ijobiy xulosa olib berish uchun 200 dollar talab qiladi. 

U so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, metodistdan 200 dollarni olgan vaqtida tuman FVB katta inspektori ham ushlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida yashovchi ayol Kegeyli tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga yoshga doir nafaqa tayinlanishida uning ish stajini ko‘paytirib berishni vaʼda qiladi.

U buning evaziga 7 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, ayol bu ishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida ishlovchi o‘g‘li orqali amalga oshirishni rejalashtirgan.

Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling