Samarqandda 1 mln dollarga radioaktiv qurilma sotmoqchi boʻlganlar ushlandi

Andijonlik ikki shaxs harbiy maqsadda foydalaniladigan radioaktiv va zaharli qurilmani Samarqandga olib kelib, mahalliy fuqaroga pullayotgan vaqtda qoʻlga olingan.

Foto: samiib.uz

Foto: samiib.uz

Samarqand viloyatida radioaktiv va zaharli qurilmalarni sotish bilan shugʻullanib kelgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda viloyat IIB Matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Andijon viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlangan M.S., andijonlik sherigi R.S. hamda Samarqand shahrida yashovchi fuqaro J.O. oʻzaro til biriktirgan holda jinoiy guruh tuzib, moʻmay daromad topishni rejalashtirgan.

Aniqlanishicha, R.S. M.S.ning taklifiga koʻra, Andijon viloyatidagi tanishidan goʻyoki harbiy maqsadda foydalaniladigan radioaktiv va zaharli qurilmalarni Samarqand shahriga olib kelib, ishonchli xaridor topilguniga qadar Samarqand shahridagi mehmonxonalardan birida yashab kelgan.

Keyinchalik, M.S. Samarqand shahridagi tanishi J.O. orqali mazkur moslamalarni umumiy hisobda 1 million AQSH dollari evaziga mahalliy fuqaroga sotishga kelishib, oldindan 200 000 AQSH dollari soʻragan. Bu shaxslar ichida 1 kg simob moddasi boʻlgan qoʻlbola usuldagi qurilmani 200 000 AQSH dollari evaziga mahalliy fuqaroga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling