Foto: Oliy sud matbuot xizmati
1−2-iyul kunlari Nukusda boʻlib oʻtgan voqealar yuzasidan Buxoro shahrida davom etayotgan jinoyat ishi boʻyicha Qoraqalpogʻiston prokuraturasi 22 nafar sudlanuvchining koʻpchiligiga uzoq muddatli qamoq jazosini talab qildi.
Ish boʻyicha asosiy gumondor, jurnalist Dauletmurat Tajimuratovga moddalar umumlashtirilgan holda 18 yil, jurnalist (Nukusdagi voqealarga qadar va oʻsha vaqtda Toshkentda boʻlgan) Lolagul Kallixanovaga esa — 11 yil qamoq jazosini berish soʻraldi.
Dastlabki ayblov xulosasidagidek, Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari asosiylari hisoblanadi: 159-modda “Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”, 244-modda “Ommaviy tartibsizliklar” hamda 244−1-modda “Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish”.
Sportchi Azamat Turdanovga esa oʻxshash moddalar (244−1-moddadan tashqari) asnosida 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi soʻraldi.
Qolaversa, prokuratura qolgan sudlanuvchilarga quyidagicha jazo berishni soʻradi:
- Dauletmurat Jiyemuratovga — 9 yil;
- Allabay Tokimbetovga — 9 yil;
- Axmet Smetullayevga — 8 yil;
- Baxtiyar Kadirbergenovga — 8 yil;
- Razbek Bekmuratovga — 8 yil;
- Sultanbek Kaipovga — 8 yil;
- Bayram Seytniyazovga — 7 yil;
- Azamat Nuratdinovga — 7 yil;
- Saidabulla Medetovga — 7 yil;
- Nurlan Nayipovga — 7 yil;
- Polat Shamshetovga — 7 yil;
- Saiipnazar Kalimovga — 7 yil;
- Arislan Temirxanovga — 7 yil;
- Amirbek Adilbekovga — 7 yil;
- Kaxarman Seytimovga — 6 yil;
- Polat Nurniyazovga — 6 yil;
- Nurlan Sultamuratovga — 5 yil.
Qoralovchilar faqat ikki kishi — Salamat Kalilayev va Berdax Genjebayevga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini berishni soʻradi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling