Toshkentda kuchli ta'sir qiluvchi Fatzorb dorisini ozdiruvchi vosita deb aldab sotganlar ushlandi

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda

Foto: Toshkent shahar IIB matbuot xizmati<br>

Foto: Toshkent shahar IIB matbuot xizmati

Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi Fatzorb dorisini ozdiruvchi vosita deb aldab sotganlar qoʻlga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2023-yil 5-yanvar kuni Sergeli tumani Obihayot koʻchasida 30 yoshli va 29 yoshli fuqaro 600 ming soʻm evaziga 180 dona Fatzorb nomli dori vositasini sotayotgan vaqtida Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan ushlangan.

Xabarga koʻra, mazkur shaxslar Instagramʼda sahifa ochib, mazkur dorining onlayn savdosi bilan shugʻullangan. Shuningdek, ulardan birining boshqaruvidagi avtomashina xolislar ishtirokida tekshirilganda yana 72 dona Fatzorb nomli dori vositasi aniqlangan va ashyoviy dalil sifatida olingan.

Davlat markazining Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi eksperti xulosasidagi maʼlumotga koʻra, kapsulalarda sibutramin gidroxlorid monogidrat moddasi borligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda.

Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi 818-son Qarorining 1-ilovasiga muvofiq mazkur dori kuchli taʼsir qiluvchi modda hisoblanadi. Kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish Oʻzbekiston qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortishga asos boʻladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling