Madaniyat markazlari transformatsiya qilinadi, xususiy sektor jalb etiladi

Prezident qarori bilan madaniyat va san‘at sohasida boshqaruv tizimini yangilash choralari belgilandi.

Prezidentning madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Madaniyat vazirligi tizimidagi madaniyat markazlari transformatsiya qilinadi.

Jumladan, madaniyat markazlari faoliyati nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilish, havaskorlik sanʼatini rivojlantirish, shuningdek, texnologiya, muhandislik, hunarmandchilik va boshqa yangi yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yiladi.

Xususiy investitsiyalarni jalb etish va ilg‘or boshqaruv tajribasini joriy etish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Resurslardan oqilona foydalanish uchun samarasiz madaniyat markazlari faoliyati maqbullashtiriladi.

2026-yil 1-iyuldan “Tumor” davlat raqs ansambli” davlat muassasasi tashkil etiladi. 

Madaniyat bo‘limlari Madaniyat vazirligi tomonidan yuritiladigan reyting natijalari asosida rag‘batlantiriladi. 

Bunda reyting 2027-yildan boshlab har yilning yakuni bo‘yicha yuritiladi hamda unda madaniy tadbirlarga aholi qamrovi va milliy qadriyatlarni asrash bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarga ustuvorlik beriladi.

Reytingda eng yuqori o‘rinni egallagan madaniyat bo‘limlari byudjet hisobidan rag‘batlantirib boriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling