“Dok-1 Maks”ni fosh qilgan shifokorlar ishga qayta tiklanishi mumkinligi aytilmoqda

Ishdan olingan rahbarlardan biri yangi vazir bilan boʻlgan uchrashuvdan qoniqib,tez orada adolat tiklanishi mumkinligiga umid bildirgan

Foto: Kun.uz

Foto: Kun.uz

“Dok-1 Maks” voqeasi ortidan ishdan olingan yetti nafar samarqandlik masʼul ishga tiklanishi mumkinligi aytilmoqda. Bu haqda "Kun.uz" xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2023-yil 3-yanvar kuni sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ushbu shov-shuvli voqea ortidan ishdan olinganlar bilan suhbatlashgan. U ushbu xodimlarning ishdan olinishi bilan bogʻliq qarorni qaytadan koʻrib chiqish va ularni ishga tiklash haqida soʻz yuritgani aytilmoqda.

“Ishdan olingan rahbarlardan biri yangi vazir bilan boʻlgan uchrashuvdan juda qoniqqanini aytdi. Tez orada adolat tiklanishi mumkinligiga umid bildirdi”, deydi manba.

Maʼlumotlarga koʻra, Inoyatov 4-yanvar kuni soha vakillari bilan boʻlgan uchrashuvda ham ushbu masalaga toʻxtalgan.

Eslatib oʻtamiz, dastlab ushbu yetti masʼulning ism-familiyasi ommaga oshkor qilinmagandi. Ular orasida “oʻlim dorisi” haqida yuqoriga xabar qilgan Samarqand viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi direktori Mamatqul Azizov ham borligini xabar qilgandi. Bir muddat oʻtib Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu xabarni tasdiqladi.

“Dok-1 Maks” voqeasi ortidan Samarqand viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi direktori Azizovdan tashqari ushbu shifoxonaning gemodializ boʻyicha mutaxassisi B.Gʻaniyev, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻining onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha oʻrinbosari S.Moʻminov, onalik va bolalik salomatligini rivojlantirish boʻlimi bosh mutaxassisi S.Rasulov, Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Olmazor OSHP mudiri X.Muzaffarov, ushbu OSHPning oilaviy shifokori U.Mahmudov hamda doya hamshirasi M.Siddiqova lavozimidan ozod etilgandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling