Qashqadaryoda qishloqqa bostirib borgan ayiq otib oʻldirildi

Chiroqchi tumani IIB boshligʻining koʻrsatmasiga koʻra Qoʻngʻir ayiqqa qarata oʻq uzilgan.

Videodan kadr

Videodan kadr

Joriy yilning 5-aprel kuni Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida Yashnobod mahallasi hududiga Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qoʻngʻir ayiq tushib kelganligi va qishloqqa bostirib borgan ayiq gʻorga yashirinib olganligi haqida xabar bergan edik. Tabiat resurslari vazirligi qoʻngʻir ayiq otib oʻldirilganini maʼlum qildi.

Kecha 5-aprel kuni soat 23:00 atrofida ayiq Qumdaryoga yaqin joydagi jarlikda hosil boʻlgan gʻor ichiga kirib olgan. Birozdan soʻng bu yerda mahalliy aholi toʻplangan. Mahalliy hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan oʻz vaqtida tegishli chora-tadbirlar koʻrilmaganligi bois ayiq bezovtalanib, jarlikdan tepaga chiqishga uringan. Chiroqchi tumani IIB boshligʻi A.B. atrofga yigʻilgan aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida ovchi D.A.ga ayiqqa oʻq uzishga koʻrsatma bergan. Natijada ayiq otib oʻldirilgan.

“Toshkent hayvonot bogʻi vakillari hodisa joyiga yetib borganida ayiq nobud boʻlgan edi. Mazkur holat yuzasidan masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan va buning oqibatida qoʻngʻir ayiqning oʻlimiga sabab boʻlgan masʼullarga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralari koʻriladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling