Shavkat Mirziyoyev anomal sovuq ta'sirini betalafot o'tkazish bo'yicha mas'ullarga topshiriq berdi

Barcha serqatnov yoʻnalishlarda jamoat transportining uzluksiz harakati taʼminlanishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi

Foto: Prezident matbuot xizmati<br>

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoatda ishlab chiqarish hajmining oʻsish surʼatlarini taʼminlash, mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari asosiy masalaga oʻtish avvalida mamlakatga kirib kelgan sovuq havo taʼsirini betalafot oʻtkazish choralariga toʻxtalib oʻtdi.

Qayd etilishicha, barcha tuman va hududlarda tashkil etilgan shtablar uzluksiz ishlashi kerakligi, aholi ehtiyojlari tezkor hal etib borilishi shartligi taʼkidlangan.

Ijtimoiy soha obyektlarini energiya va issiqlik bilan taʼminlashni alohida nazoratga olish zarurligi qayd etildi.

Barcha darajadagi hokimlarga tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda yoʻllarni tozalash ishlarini tashkil etish, transport vositalarining xavfsiz harakatini taʼminlash topshirildi.

Barcha serqatnov yoʻnalishlarda jamoat transportining uzluksiz harakati taʼminlanishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Vazirlar Mahkamasi rahbariyati oldiga har bir viloyat, tuman va shahardagi ahvol boʻyicha kunlik nazorat oʻrnatib, joylardagi muammolarni tezkor bartaraf etish vazifasi qoʻyildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling