Foto: Tergov departamenti
Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 7-yanvar kuni fuqaro xotini haqida nojo‘ya gaplar aytgan tanishini o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda Tergov departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, shu kuni soat 11:00 larda Shayxontohur tumani “Tinchlik” mahallasi G.Uzoqov ko‘chasida yashovchi 38 yoshli shaxs va tanishi birgalikda Rojdestvo bayramini nishonlash maqsadida spirtli ichimliklar sotib olib, fuqaroning xonadonida ularni iste’mol qilgan.
O‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida xonadon egasi tanishining boshiga qo‘lida bo‘lgan shisha idish bilan bir marotaba urib, unga tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda jabrlanuvchi tez yordam kelguniga qadar bosh chap tomon chakka sohasi tan jarohati bilan hodisa joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Xonadon egasi gumon qilinuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
Tergov davomida jinoyatning kelib chiqish sababi o‘rganilganda shu kuni gumon qilinuvchining uyiga mehmonga kelgan tanishi, uning turmush o‘rtog‘i to‘g‘risida aytgan gaplaridan jahli chiqib, o‘zining qo‘lida bo‘lgan shisha idish bilan uning bosh chakka qismiga urgani aniqlangan. Hozirda tergov davom etmoqda.
Bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling