Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘qituvchisi o‘quvchiga kuch ishlatgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan poytaxt IIBB izoh berdi.
Taʼkidlanishicha, 19-may kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 275-sonli maktabda voyaga yetmagan 2010-yilda tug‘ilgan R.R. hamda shu maktab o‘qituvchisi 2002-yilda tug‘ilgan Z.O. tortishib qolib, o‘zaro janjallashib ketgan.
Aniqlanishicha, o‘quvchi dars jarayonida o‘qituvchi tomonidan berilgan ko‘rsatmani bajarmasdan, dars mashg‘ulotlarini o‘tkazilishiga xalaqit bergan.
Janjal vaqtida o‘qituvchi o‘quvchiga tan jarohati yetkazgan. Jabrlanuvchi tibbiy yordam uchun shifoxonaga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro Z.O. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.