Videodan lavha
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida chorva mollarini hokimlik binosi oldiga haydab borgan fuqaro yetti sutkaga qamaldi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.
27-fevral kuni fuqaro J. P. akasiga tegishli chorva mollarini Gʻuzor tuman hokimligi maʼmuriy binosi oldiga haydab borgan. Tuman hokimligining maʼlum qilishicha, fuqaro akasining huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan “asossiz ravishda tergovga jalb etilganidan norozi boʻlib ushbu harakatni amalga oshirgan”.
Shundan soʻng, fuqaroning xatti-harakati yuzasidan Gʻuzor tuman IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Boshqarma xabariga koʻra, fuqaro jamoat joyida yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan qilgan xatti-harakatlari bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan.
Mazkur huquqbuzarlik yuzasidan toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha Qamashi tuman sudiga yuborilgan. Sudning 3-martdagi qaroriga koʻra, huquqbuzar J. P.ga yetti sutka qamoq jazosi tayinlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling