YPX inspektori yil boshidan buyon 410 mln so'mlik 152 ta qoidabuzarlik sodir etgan haydovchini aniqladi

Haydovchi YHXXdan roʻyxatdan oʻtkazilmagan davlat raqami bilan avtomashinani boshqarib qoidabuzarliklar sodir etgan

Videodan kadr

Videodan kadr

Joriy yilning 31-mart kuni soat 23:30 atrofida Namangan shahar Davlatobod tumani Islom Karimov koʻchasida Hyundai Sonata rusumli 01 T 234 ZA davlat raqam belgili avtomashina YPX xodimi tomonidan toʻxtatilib, haydovchidan haydovchilik guvohnomasi va avtomashinaga tegishli boʻlgan hujjatlarni koʻrsatilishini talab qilingan. Rul boshqaruvidagi haydovchi avtomashina unga tegishli emasligini aytib xodimga hech qanday hujjat bermagan. Shundan soʻng avtomashina belgilangan tartibda vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qoʻyilgan.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilganda avtomashinani roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi yoʻqligi, yuqoridagi davlat raqam belgisi esa YHXXdan roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi maʼlum boʻldi.

Chust tumanida yashovchi fuqaroga tegishli boʻlgan avtomashinada sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar oʻrganilganida, haydovchi joriy yilning shu vaqtiga qadar jami 152 ta holatda tezlikni meʼyoridan oshirgani va ushbu qoidabuzarliklari ortidan yuzaga kelgan jarima summasi 410 million soʻm ekanligi aniqlangan.

Biroq davlat raqam belgisi haqidagi maʼlumotlar tizimda mavjud emasligi bois sodir etilgan qoidabuzarliklarga nisbatan jarima solish toʻgʻrisidagi qaror chiqarishning imkoni boʻlmagan.

Ushbu haydovchi hech qayerda qayd etilmagan davlat raqam belgisi bilan avtomashinani istagan tezlikda boshqarib insonlar hayotiga xavf solib kelgan.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Avtomashina jarima maydonida saqlanmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling