Shavkat Mirziyoyev Singapur prezidenti Halima Yaqubning taklifiga binoan 16-18-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻladi. Bu haqda prezidenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, tashrif dasturida Singapur prezidenti Halima Yaqub va mamlakat Bosh vaziri Li Syan Lun bilan oliy darajada uchrashuv va muzokaralar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, kun tartibidan koʻp qirrali Oʻzbekiston-Singapur munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari oʻrin olgan.
Savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida, shuningdek, davlat boshqaruvi va yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Ushbu yoʻnalishlarga doir ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli toʻplami muzokaralar yakunida imzolash uchun tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston prezidenti Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazadi. Tashrif arafasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes forumi boʻlib oʻtadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling