Buxoroda dori siropi ichgan 23 nafar bola bir kunda o'lib qolgani aytilgan videoga rasmiy munosabat bildirildi

 Bolalarda ushbu preparatni qabul qilish tufayli hech qanday oʻlim holati kuzatilmagan

Foto: Freepik

Foto: Freepik

Buxoroda “Sinepar” siropini ichish tufayli bolalar oʻlimi kuzatilgani haqidagi xabarlar asossiz, deyiladi SSV munosabatida.

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida bir kunning oʻzida “Sinepar” siropini ichgan 23 nafar bola vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi bu maʼlumotlar mutlaqo asossiz va haqiqatga zid ekanligini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, oʻrganishlar davomida Buxoro viloyatidagi tibbiyot muassasalarida davolangan bolalarda ushbu preparatni qabul qilish tufayli hech qanday oʻlim holati kuzatilmagan.

“Shunga qaramay, vazirlik yurtdoshlarimizga har qanday dori vositasidan shifokor koʻrsatmasisiz va oʻzboshimchalik bilan foydalanmasalik zarurligini yana bir bor eslatib oʻtadi”, deyiladi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq bolalar uchun xavfli dorilar roʻyxati eʼlon qilingandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling