Foto: UzA
Toshkent shahrida havoning ifloslanishi inson salomatligiga jiddiy taʼsir koʻrsatmaydi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda tabiat resurslari vazirligi boshqarma boshligʻi Aziz Kalimbetov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonning tabiiy xususiyatlari sababli atmosfera havosida muallaq zarrachalar – chang miqdori yuqori hisoblanadi.
Toshkent shahridagi havo sifati 15 ta nuqtaga oʻrnatilgan moslamalar orqali oʻlchab borilgan. Kuzatuv natijalariga koʻra, Toshkent shahrida havoning mayda chang zarralari (RM 2,5) bilan ifloslanishi darajasi havoning “oʻrta” va “yaxshi” darajadagi ifloslanish toifasiga kiradi. Bu esa inson salomatligiga jiddiy taʼsir koʻrsatmaydi.
“Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan oʻrganish tahlil ishlari olib borilib, shahar hududining bir nechta nuqtalarida atmosfera havosidan tahlil uchun namunalar olindi. Olingan tahlil natijalariga koʻra atmosfera havosidagi zararli moddalar miqdori meʼyor darajasidan ortiq holatlar aniqlanmadi”, - deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq, House Fresh xalqaro jamoatchilik loyihasining havo sifati boʻyicha tadqiqoti eʼlon qilinib, Toshkent dunyoning havo sifati eng yomon boʻlgan 20 ta shaharlar orasiga kirgan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling