Foto: Videodan lavha
Nomaʼlum shaxslar tomonidan oʻzbek-tojik chegarasi yaqinida 26 kg narkotik modda qoldirib ketildi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari va Chegara Qoʻshinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida tezkor qidiruv tadbirlari olib borilgan.
Tadbirlar natijasida, Bulungʻur tumani hududidan oʻtuvchi oʻzbek-tojik davlat chegarasi yaqinida nomaʼlum shaxslar tomonidan qoldirib ketilgan 20 kg 3 gr “opiy” va 6 kg 5 gr “gashish” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-moddalari (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ushbu giyohvandlik vositalari egalarining shaxsiga aniqlik kiritish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling