Videodan kadr
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda bir nechta IIO xodimlari fuqaroning qoʻliga majburlab kishan taqayotgani aks etgan video tarqaldi.
Andijon viloyati IIB Matbuot xizmatining xabariga koʻra, hodisa 2023-yil 25-yanvar kuni soat 17:30 larda Izboskan tumanida sodir boʻlgan.
Maʼlum qilinishicha, tumandagi AYOQSHda Paxtaobod tumanida yashovchi O.O benzin yoqilgʻisini navbatsiz olish maqsadida kirib borib, navbatda turganlarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlgan va fuqarolar oʻrtasida norozilik keltirib chiqargan.
Ushbu vaziyatda IIB xodimlari tomonidan fuqaro O.O. bilan tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan xizmat olib borayotgan xodimlarga qasddan boʻysunmasdan, faol qarshilik koʻrsatib, jamoat tartibini buzgan.
“Mazkur holatda xodimlar ”Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida“gi qonunning 22-moddasiga asosan ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik koʻrsatilishini bartaraf etish uchun jismoniy kuch ishlatishgan. O.O.ga hech qanday tan jarohati yetkazilmagan”, - deyiladi IIB munosabatida.
Maʼlum boʻlishicha, O.O AYOQSHga muntazam ravishda navbatsiz kirmoqchi boʻlib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan boshqa navbatda turganlarning ham haqli eʼtiroziga sabab boʻlib kelgan.
Mazkur holat boʻyicha O.O.ga nisbatan MJtKning 183-moddasi, 194-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar qonuniy koʻrib chiqishlik uchun Jinoyat ishlari boʻyicha Izboskan tuman sudiga yuborilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling