Foto: Energetika vazirligi
Yanvar oyida 5,6 mlrd soʻmlik yoki 33 mingdan ortiq xonadonning bir oylik isteʼmoliga teng hajmdagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Joriy yilning yanvar oyi davomida Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 511 ta holatda 6,7 mln kVt-soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Buning natijasida tizimga 5,6 mlrd soʻm zarar keltirilganligi maʼlum boʻldi. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi oʻrtacha 33 ming 500 ta xonadonning bir oylik elektr energiyasi isteʼmolini tashkil qiladi.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng koʻpi Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling