Rossiyalik siyosatchi Istanbulni bosib olish da'vosi bilan chiqdi

U Turkiya tabiiy ofat tashvishlari bilan andarmon boʻlib turgan paytda Konstantinopol, yaʼni Istanbulni tortib olish va Aya Sofiya masjidi uzra xoch osish lozimligini uqtirgan.

Foto: Open source

Foto: Open source

Rossiya davlat dumasi sobiq deputati Semyon Bagdasarov zilziladan keyin mushkul vaziyatda ekanidan foydalanib, Turkiyaga qarshi urush ochish va uning ayrim hududlarini bosib olishni taklif qildi. “Moskovskiy komsomoles” nashri xabariga koʻra, S.Bagdasarov bu haqda YouTube dasturi efirida gapirgan.

Turkiya hududida Rossiyaning tarixiy yerlari mavjudligini iddao qilgan siyosatchi vaziyatdan foydalanib oʻsha yerlarni qaytarib olishga chaqirgan. U, xususan, Turkiya tabiiy ofat tashvishlari bilan andarmon boʻlib turgan paytda Konstantinopol, yaʼni Istanbulni tortib olish va Aya Sofiya masjidi uzra xoch osish lozimligini uqtirgan.

Rossiyalik arbobga koʻra, Moskva rasmiy Anqaraning Ukrainadagi taʼsirini susaytirishi, keyin esa uni Oʻrta Osiyo va Janubiy Kavkazdan ham siqib chiqarishi kerak.

Ochiq manbalarga koʻra, Semyon Bagdasarov 1954-yili Oʻzbekiston hududida – Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida tugʻilgan. U hozirda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarini oʻrganish markazi direktori sanaladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling