Foto: t.me/uzb_meteo
Ijtimoiy tarmoqlarda Amudaryo tumanida qurilayotgan koʻprik qulab tushgani aks etgan suratlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan Amudaryo tumani hokimligi Axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatini bogʻlovchi Amudaryo daryosi ustiga avtomobil va temir yoʻl qoʻshma koʻprigini qurish ishlari boshlangan edi.
Yangi koʻprik qurilishi loyihasiga buyurtmachi etib- “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Bosh loyihachi etib — “Boshtransloyiha” AJ, Bosh pudratchi etib — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning tarkibiy boʻlinmalari belgilangan.
Amudaryo tumani hududidan Xorazm viloyati hududiga temir yoʻl transporti tarmogʻini yoʻlga qoʻyish maqsadida, Amudaryo tumani hududining shimoliy qismidan oʻtuvchi A-380 “Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beynev” avtomobil yoʻlining 717-718-km oraligʻidan osma koʻprik tarzda oʻtkazilgan.
Ushbu koʻprikka 14-sonli koʻprik qurilish otryadi tomonidan vaqtinchalik tayanch balkalar oʻrnatilgan edi. Bugun, 23-mart kuni ertalab ushbu koʻprikning vaqtinchalik tayanch ikkita balkasi nomaʼlum sabablarga koʻra qulab tushgan.
Mazkur balkalar vaqtincha oʻrnatilgan boʻlib, koʻprik qurilishida vaqtinchalik vazifa bajaruvchi, yordamchi vosita hisoblanadi. Hodisa oqibatida hech kim jabr koʻrmagan.
ʻHozirda ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahridan tegishli mutaxassislar va laboratoriya xodimlari chaqirilganʻ,- deyiladi xabarda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling