Noqulay ob-havo sababli Namangan va Andijon aeroportlari samolyotlarni qabul qilishni vaqtincha to'xtatdi

Ayrim reyslar oʻzgartirilgan yoʻnalish boʻyicha amalga oshiriladi

Foto: Uzbekistan Airports

Foto: Uzbekistan Airports

Namangan va Andijon xalqaro aeroportlarida quyuq sovuq tuman tufayli koʻrishning yomonlashishi havo kemalarini qabul qilish va joʻnatishni vaqtincha toʻxtatilishiga olib keldi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qilmoqda.

Xususan, Namanganda koʻrinish chegarasining 700 metrgacha pasayib ketishi sababli Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY9816/9821 (Orenburg—Namangan—Irkutsk) va HY9822/94 (Irkutsk—Namangan—Toshkent) yoʻnalishlari boʻyicha reyslari oʻzgartirilgan.

Maʼlum qilinishicha, Air Arabia aviakompaniyasining G9784/785 (Sharja—Namangan—Sharja), shuningdek, Red Wings aviakompaniyasining WZ4483/4484 (Moskva—Namangan—Moskva) reysi Toshkent xalqaro aeroportidan amalga oshiriladi.

Xabarga koʻra, noqulay ob-havo sharoiti (koʻrish masofasi 900 metr) Andijon aeroporti ishining cheklanishiga ham sabab boʻlgan. Uzbekistan Airwaysʼning HY091 (Toshkent—Fargʻona), HY049 (Fargʻona—Samarqand), HY050 (Samarqand—Fargʻona) va HY092 (Fargʻona—Toshkent) reyslari oʻzgartirilgan yoʻnalish boʻyicha amalga oshiriladi.

"Noqulay ob-havo tufayli Namangan va Andijon aeroportlari vaqti-vaqti bilan oʻz ishini toʻxtatib, qayta tiklashga majbur boʻlmoqda”, — deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling