AGTKSH va "Oʻztransgaz" AJ hududiy boshqarmasi mas'ullariga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atildi

“Hamkor gaz servis” MCHJga qarashli AGTKSH belgilangan oʻchirish grafigiga rioya etmagan holda faoliyat koʻrsatib kelgan

Foto: UzA<br>

Foto: UzA

AGTKSH va “Oʻztransgaz” AJ hududiy boshqarmasi masʼullariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Energetika vaziri boshchiligidagi ishchi guruh, yaʼni Ichki ishlar va Prokuratura organlari xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirida Toshkent viloyatidagi AGTKSH tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlangan.

Unga koʻra, 3-yanvar kuni soat 21:00lar atrofida Yangiyoʻl tumanida joylashgan “Hamkor gaz servis” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSH) belgilangan oʻchirish grafigiga rioya etmagan holda faoliyat koʻrsatayotganligi maʼlum boʻlgan.

Mazkur shoxobchaning gaz hisoblash uskunasi koʻzdan kechirilganda, uskunaga tashqi taʼsir koʻrsatilganligi, yaʼni shoxobcha faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsada, uskuna ishlamayotganligi (koʻrsatkichlari “0” holatda ekanligi) aniqlangan. Shuningdek, tabiiy gaz yetkazib berish toʻxtatilib, gaz hisoblagich ekspertizadan oʻtkazish uchun yechib olingan.

Shu bilan birga, shoxobchaning elektr taʼminoti holati oʻrganilgan. Xususan, elektr hisoblagich maʼlumotlarini maʼlumotlar bazasi bilan solishtirilganda, noyabr oyidan buyon aloqa mavjud emasligi aniqlangan va hisoblagich ekspertizaga yuborilgan.

Xabarga koʻra, ushbu AGTKSHning gaz hisoblagichi belgilangan tartibga zid ravishda oʻrnatilganligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat boʻyicha viloyat prokuraturasi tomonidan AGTKSH va “Oʻztransgaz” AJ hududiy boshqarmasi masʼullariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling