Foto: Telegram
Rossiyaning Krasnoyarsk oʻlkasidagi Yessey qishlogʻida havo harorati -73...-75 daraja sovuqqacha tushdi. Rossiyada meteorologik oʻlchovlar boshlanganidan beri (1926-yildan boshlab) rekord darajadagi past harorat -71 daraja boʻlib, Yoqutistonning Oymyakon qishlogʻida qayd etilgan edi.
Yesseyda havo harorati -75 darajagacha tushgani haqida mahalliy aholi maʼlum qildi. Markaziy Sibir gidrometeorologiya va atrof-muhit monitoringi departamenti (MSGD) aholi xabarini tasdiqlay olmadi, chunki Yesseyda ob-havo stansiyasi yoʻq.
Mahalliy fuqaro Andrey Miroshkoning aytishicha, 10-yanvardan 11-yanvarga oʻtar kechasi qishloqqa -73...-75 daraja sovuq tushgan.
Foto: Ijtimoiy tarmoq
Miroshko soʻzlariga koʻra, gʻayritabiiy sovuqda bosh ogʻriydi, nafas olish qiyinlashadi, ammo oʻtin, suv bor, qishloqda elektr taʼminotida uzilishlar boʻlmagan, doʻkonlar ham ishlamoqda.
MSGD maʼlumotlariga koʻra, Yesseyga eng yaqin aholi punktlarida ob-havo stansiyalari -53...-54 daraja sovuqni koʻrsatmoqda.
“Yesseyda ob-havo stansiyasi yoʻq, shuning uchun buni rasman tasdiqlay olmayman. U yerda mahalliy termometrlar -75 darajani koʻrsatishi mumkin, ammo ularning ishonchliligiga shubha qilaman. Biz buni tasdiqlay yoki inkor eta olmaymiz”, dedi MSGD xodimi Dmitriy Ulyanov.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling