Samarqandda erkak ayolini va 5 oylik farzandini o'ldirib, o'zini esa osib qo'ydi

Erkak ayolining boʻyin sohasiga qaychini sanchgan, beshikda yotgan 5 oylik chaqalogʻini esa boʻgʻib oʻldirgan

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi uyda er-xotin va ularning besh oylik farzandi oʻlik holda topildi. Bu haqda “Repost.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 2022-yil 24-dekabr kuni soat 23:22 da Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam boʻlimining Samarqand viloyat IIB 102 operatoriga xabar kelib tushgan. Xabarga koʻra, tez yordam chaqiruviga asosan Oqdaryo tumani “Galaravot” mahallasida yashovchi fuqaroning uyiga borilganda, ushbu xonadon egasi, uning turmush oʻrtogʻi va ularning besh oylik oʻgʻlining jasadi topilgan.

Mazkur xabarga asosan tergov-tezkor guruhi aʼzolari tomonidan hodisa joyi koʻzdan kechirilganda ayolning boʻyin sohasi chap yon tomonida ikki dona sanchib-kesilgan jarohati bilan, yoshga toʻlmagan bola tan jarohatsiz hamda xonadon egasi ushbu hovlining ogʻilxonasi cherdak qismiga arqon bilan boʻynidan osilgan holatda topilgan.

Dastlabki tezkor maʼlumotlar hamda guvohlarning koʻrsatuvlariga koʻra, marhum fuqaro ayoli bilan oilaviy kelishmovchilik oqibatida janjallashib, uning boʻyin sohasiga qaychi bilan ikki marta urib oʻldirib, soʻngra beshikda yotgan besh oylik farzandini qoʻllari bilan boʻgʻib oʻldirgan. Keyin esa oʻzini oʻzi osib, oʻz joniga qasd qilgan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialining dastlabki maʼlumotnomasida, 21 yoshli marhumaning oʻlimi boʻyin sohasi chap yon tomonida ikki dona sanchib-kesilgan jarohati natijasida, besh oylik farzandining oʻlimi boʻgʻilishi natijasida nafas yetishmovchiligidan, hamda 28 yoshli erkakning oʻlimi boʻynidan arqon bilan osilishida mexanik asfiksiyadan kelib chiqqani koʻrsatilgan.

Ayni paytda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismi “a” va “v” bandlari (ikki yoki undan ortiq shaxsni, aybdorga ayon boʻlgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling