Xitoyda pora olgan amaldor o'limga hukm qilindi

U umumiy qiymati taxminan 34,5 mln dollar miqdorida pora olganlikda aybdor deb topilgan

Foto: VnExpress

Foto: VnExpress

Xitoyning Chanchun shahar sudi xavfsizlik vazirligining partiya qo‘mitasi sobiq a’zosi, sobiq general-mayor Lyu Yanpinni ikki yillik muhlat bilan o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda Epoch Times xabar berdi.

Amaldor umumiy qiymati 234 mln yuan (taxminan 34,5 mln dollar) miqdorida pora olganlikda aybdor deb topilgan. Sud 2001-yildan 2022-yilgacha Lyu Yanpin uchinchi shaxslarga biznes va turli ishlarni hal qilishda noqonuniy yordam berganini aniqladi. Bu davr mobaynida u 234 mln yuanlik naqd pul va qimmatbaho sovg‘alar olgan.

Lyu Yanpin siyosiy huquqlaridan mahrum qilinadi, uning barcha mol-mulki va noqonuniy yo‘llar bilan orttirilgan daromadlari musodara qilinadi va davlat g‘aznasiga o‘tkaziladi. Amaldor Xitoy Jamoat xavfsizligi va Milliy xavfsizlik vazirligida turli lavozimlarda ishlagan.

Oxirgi o‘n yil ichida u Xitoy jamoat xavfsizligi vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan, shuningdek, vazirlikning tartib-intizom komissiyasiga raislik qilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling