Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Gruziya va Armaniston delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Ostonadagi EXPO xalqaro ko‘rgazmalar markazida tashkil etilgan Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasidagi milliy pavilyonlarni borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda ishtirok etayotgan mamlakatlarning milliy pavilyonlarida ularning ushbu yo‘nalishlardagi yutuqlari va kelgusi rejalari namoyish etilmoqda.
Interfaollik va multimedia elementlariga ega ko‘rgazma-taqdimot maydoni shaklida barpo etilgan O‘zbekiston pavilyoni mamlakatimizning ekologiya, iqlim o‘zgarishi va Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi sohalaridagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiradi.
Shuningdek, ekspozitsiya O‘zbekistonning ekologiya sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini namoyon etadi.
Oliy martabali mehmonlarga ekologik taraqqiyotning zamonaviy modelini shakllantirishga qaratilgan asosiy tashabbuslarni o‘z ichiga olgan ekspozitsiya taqdim etildi.
“Chiqindisiz hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Ekomadaniyat”, “Biomeros” va “Ekologik taʼlim” kabi umummilliy loyihalar shular jumlasidan.
Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, BMT tuzilmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.