Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident mtabuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi keng ko‘lamli o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Loyihalar portfeli qariyb 16 mlrd dollarni tashkil etmoqda, amaliyotlar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biriga aylandi.
Temir va avtomobil yo‘llari, energetika va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash, qishloq xo‘jaligi va xususiy sektorni rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirildi va davom etmoqda.
O‘zbekiston prezidenti va bank rahbari sammit doirasida imzolangan OTB bilan sheriklik bo‘yicha 2030-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangi dasturga kiritilgan umumiy qiymati 12,5 mlrd dollarlik loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish muhimligini ta‘kidladi.
Ipoteka bozori, xususiy sektor, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, inklyuziv taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish borasidagi islohotlarni ilgari surish, raqamli innovatsiyalarni joriy etish va maxsus iqtisodiy zonalarda infratuzilmani modernizatsiya qilish kabi sohalarda hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.
Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan, bankning mablag‘larni safarbar etishdagi yetakchiligini kuchaytirish orqali ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston prezidenti OTB rahbariyati va jamoasiga Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi muvaffaqiyatli va samarali o‘tishini tiladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan sheriklik dasturini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.