Ippodromda otlarning nobud boʻlishi sababchi boʻlgan shaxslar javobgarlikka tortiladi

Ayni paytda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish fakti bilan otchopar rahbariyati almashtirish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Foto: t.me/veterinars_uzbekistan

Foto: t.me/veterinars_uzbekistan

Avvalroq, ippodromʻdagi shaxsiy otxonalarning birida otlarga yollanma veterinariya xizmati koʻrsatilmagani va yetarli ozuqa jamgʻarilmagani sababli otlar nobud boʻlayotgani haqida xabar bergandik. Milliy gvardiya xabariga koʻra, otlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Maʼlum qilinishicha, Chilonzor tumani huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi va Milliy gvardiya tomonidan hayvonlarni xavfli vaziyatda qoldirilishi oqibatida ikki bosh otning nobud boʻlishi hamda qolgan otlarning holsizlanishiga sabab boʻlganligi yuzasidan barcha fakt va omillar hisobga olinib, tekshiruv oʻtkazildi.

Yakuniy tekshiruv natijalariga koʻra, otlarning holsizlanishi va nobud boʻlishida aybdor boʻlgan ikki nafar shaxsga nisbatan MJtKning 111-moddasi, 1-qismida (“Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish”) nazarda tutilgan huquqbuzarlik boʻyicha bayonnomalar rasmiylashtirildi va ularning har biriga 900 ming soʻmdan jarima solindi.

Bundan tashqari, Otchopar rahbariyatini almashtirish masalasi ham koʻrib chiqilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling