Foto: Ijtimoiy tarmoq
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan oʻqituvchilarni joylarda “Tashabbusli byudjet” portalida ovoz yigʻishga majburlanayotgani holatlari haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Vazirga koʻra, boshqa loyihalar singari maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarini taʼmirlash ishlari ham ushbu portalda yetakchilik qiladi. Tabiiyki, ushbu jarayonda oʻqituvchilar, oʻquvchilar va ularning ota-onalari oʻzlari mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan yoki farzandlari tahsil olayotgan taʼlim dargohini obod qilish uchun ovoz berishda shaxsiy tashabbus koʻrsatmoqda.
“Biroq ijtimoiy tarmoqlar orqali joylarda baʼzi oʻqituvchilarga ushbu loyihada ovoz yigʻish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, topshiriqni bajarishga beeʼtibor qarayotgan oʻqituvchilarga kerakli chora koʻrish bilan tahdid qilinayotganligi toʻgʻrisida xabarlar tarqalib, ular Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan jiddiy oʻrganilmoqda”, – deydi Umarova.
Shuningdek, u ayni vaqtda “Vazirga murojaat” portaliga oʻqituvchilardan ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushmaganini bildirdi.
Oʻqituvchilardan ularni ushbu loyiha doirasida majburiy ovoz yigʻishga jalb etish holatlari kuzatilsa, vazirlikning Ishonch telefoni (71-202-09-09)ga qoʻngʻiroq qilish soʻralmoqda.
“Sizning murojaatingiz asosida ushbu yoʻnalishda qonun buzilish holati aniqlansa, tegishli masʼul xodimlarga zarur taʼsir choralari koʻriladi”, – deydi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova.
Maʼlumot uchun, Prezidentning 2018-yil 14-avgustdagi tegishli qaroriga koʻra, pedagoglarni xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling