Andijon hayvonot bog'i ishchisi ayiq tishlab olishi oqibatida vafot etdi — video

Ishchi hayvonot bogʻida saqlanayotgan ayiqqa ovqat berish maqsadida uning qafasiga kirgan vaqtda ayiq unga tashlanib, boʻyin qismidan tishlab olgan

Foto: Telegram<br>

Foto: Telegram

Andijon hayvonot bogʻi ishchisi ayiq tishlab olishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2023-yil 3-yanvar kuni soat 16:00 larda Xoʻjaobod tumani “Mustaqillikning 27 yilligi” MFY hududida joylashgan “Usmonobod Fayzi” MCHJga qarashli “Andijon hayvonot” bogʻi ishchisi hayvonot bogʻida saqlanayotgan ayiqqa ovqat berish maqsadida uning qafasiga kirgan.

Shu vaqtda ayiq unga tashlanib, boʻyin qismidan tishlab olgan. Oqibatda ishchi ogʻir tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.

Mazkur holat Xoʻjaobod tumani IIB tomonidan tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtkazilib, hodisa joyi tuman IIB tezkor-tergov guruhi tomonidan koʻzdan kechirilgan.

Marhumning olgan tan jarohatlarini ogʻirlik darajasini va uning oʻlim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Xoʻjaobod tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling