Andijonda tez tibbiy yordam markazining kadrlar bo'limi inspektori pora bilan qo'lga olindi

Hozirda mazkur voqea yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda

Foto: Sog'liqni saqlash vazirligi<br>

Foto: Sog'liqni saqlash vazirligi

Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon filialining kadrlar boʻlimi inspektori pora olayotgan vaqtda qoʻlga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur holat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻrganilganda, ushbu shaxs 2022-yil 25-dekabr sanasidan Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon hududiy filialining kadrlar boʻlimida inspektor sifatida ish boshlaganligi aniqlandi.

U 2023-yil 7-yanvar kuni soat 13:00 lar atrofida Andijon shahrining Soy mahallasi hududidagi dorixona oldida fuqaroni ishga olib kirib qoʻyish evaziga undan 400 dollarini olayotgan paytda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

Hozirda mazkur voqea yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Vazirlik tomonidan ushbu holat oʻrganilib, eʼtiborsizligi oqibatida korrupsiyaviy holat sodir etilishiga sharoit yaratib berganligi, muassasa xodimlari oʻrtasida yetarlicha tushuntirish ishlarini olib bormaganligi uchun Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon filiali direktori va kadrlar boʻlimi boshligʻi egallab turgan lavozimidan ozod etildi”, — deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling