Toshkentda ichki kiyimlar doʻkonidagi reklama bannerini tanqid qilgan fuqaro jarimaga tortildi

Avvalroq, u videomurojaat yoʻllab, unda mutasaddilardan ushbu bannerni olib tashlashini soʻragan edi.

Videodan kadr

Videodan kadr

Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi ichki kiyimlar savdo doʻkonidagi reklama bannerini tanqid qilgan fuqaro jarimaga tortildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar qildi.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Sh.A. mazkur doʻkondagi reklama bannerlarini tanqid qilib, uning munosabatidan keyin mutasaddi rahbarlar reklama mahsulotlarini olib tashlagan edi.

Holatni oʻrganish maqsadida joriy yilning 16-fevral kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi 1999-yilda tugʻilgan fuqaro Sh.A. Chirchiq shahar IIO FMB taklif etilgan. Oʻtkazilgan suhbat davomida fuqaro yuqorida keltirilgan doʻkondagi reklama bannerlariga nisbatan munosabatini oʻzining diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganligini maʼlum boʻlgan.

Oʻrganishlar davomida Sh.A. turli diniy mavzudagi materiallarni amaldagi qonunchilikka zid ravishda ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali tarqatib kelayotganligi aniqlangan.

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida” gi qonuniga asosan oʻtkazilgan profilaktik suhbat davomida mazkur fuqaroga qonunchilik hujjatlari talablari tushuntirib oʻtilgan. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida” gi qonunning 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan sud idoralari tomonidan fuqaro Sh.A.ga nisbatan MjtKning 184-2-moddasiga asosan, BHMning 3 barobari (900 ming soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling