Buxoroda er-xotin va ularning voyaga yetmagan farzandi yiqilgan attraksiondan foydalanish taqiqlandi

Kontexnazoratning xabar berishicha, oʻtgan yilning dekabr oyida attraksiondan foydalanish taqiqlangan. Biroq, uning egasi kamchiliklarni bartaraf etmasdan, foydalanishda davom etgan.

Videodan kadr

Videodan kadr

Avvalroq, Buxorodagi istirohat bogʻida attraksionlardan birida er-xotin va ularning voyaga yetmagan farzandi uchayotgan karusel uzilib ketgani, natijada ular jarohat olgani haqida xabar bergan edik. Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi ushbu voqeaga izoh berdi.

Maʼlum boʻlishicha, oʻtgan yilning dekabr oyida favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari tomonidan “Samoniylar” istirohat bogʻi hududidagi attraksionlarning xavfsizligi holati oʻrganilgan.

Tekshiruv natijasida “Xoliqov Shuhrat” YATTga qarashli attraksion statik va dinamik sinovlardan oʻtkazilmagani aniqlangan. Bundan tashqari, attraksion egasi undan foydalanishga ruxsat olmagan, attraksiondan xavfsiz foydalanish uchun masʼul xodim tayinlanmagan. Tekshiruv oʻtkazgan ishchi guruh tomonidan mazkur kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan va attraksiondan foydalanish taqiqlangan.

Shunga qaramasdan attraksiondan oʻzboshimchalik bilan foydalanish va javobgar shaxs tomonidan kundalik texnik nazorat amalga oshirilmagani oqibatida attraksion oʻrindiqlarini tutib turuvchi metall moslama ichki tomonidan yemirilib ketgan. Natijada, attraksion korpusidan uzilib ketgan va bir oila (3 kishi) jarohat olgan.

Holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling