Farg'onada Matiz yonib ketishi oqibatida ayol va uning chaqalogʻi vafot etdi — video

Ayol hodisa joyida, chaqalogʻi esa shifoxonada vafot etgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Videodan kadr

Videodan kadr

Avvalroq, Fargʻonada ichida ayol kishi boʻlgan Matiz yonib ketgani haqida xabar bergandik. Bosh prokuratura holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Maʼlum boʻlishicha, 2023-yil 24-yanvar kuni soat taxminan 19:00 larda M.U. Matizʻda 1987-yilda tugʻilgan homilador turmush oʻrtogʻi M.X.ni shifoxonadan yashash xonadoniga olib ketayotgan vaqtida, turmush oʻrtogʻi uni rashk qilgan holda ogʻzaki janjallashib kelgan.

M.U. turmush oʻrtogʻi bilan gaplashib olish maqsadida, avtomashinani Fargʻona shahridagi “Neftchi” stadioni roʻparasida toʻxtatgan.

Shu vaqtda, avtomashina orqa oʻrindigʻida oʻtirgan M.X. oʻzi bilan uyidan olib chiqqan plastmassa idishdagi benzinni dastlab turmush oʻrtogʻi M.U.ni, keyinchalik esa oʻzini va avtomashina saloni ichiga sepib, yoqmoqchi boʻlgan.

Turmush oʻrtogʻining ushbu harakatidan qoʻrqib ketgan er avtomashinadan tushib, tashqariga qochgan vaqtda ayol “zajigalka” bilan oʻzini va avtomashinani yoqib yuborgan.

Qayd etilishicha, chaqiruvga asosan hodisa joyiga yetib kelgan FVB xodimlari tomonidan yongʻin tezkorlik bilan oʻchirilib, tez-tibbiy yordam boʻlimi xodimlari tomonidan avtomashina salonida boʻlgan marhuma M.X.ning yongʻin natijasida tugʻilgan oʻgʻil chaqalogʻini hayoti saqlab qolingan.

Biroq, shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan zarur tibbiy yordamga qaramasdan chaqaloq shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan JK 103-moddasi 2-qismi “b” bandi (Oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling