Toshkentda tadbirkorning 2 mln dollar pulini bosqinchilik yoʻli bilan qoʻlga kiritmoqchi boʻlgan jinoiy guruh ushlandi

Bosqinchilarning asosiy qismi muqaddam sudlangan shaxslar yoki sportchilar va tadbirkorning tanishlari boʻlgan.

Videodan kadr

Videodan kadr

IIV Tezkor-qidiruv departamenti, DXX va ularning hududiy boʻlinmalari tomonidan tadbirkorning yashash xonadonidagi 2 mln AQSH dollari miqdorida pullarni bosqinchilik yoʻli bilan qoʻlga kiritishni rejalashtirgan uyushgan jinoiy guruh qoʻlga olindi, deya xabar bermoqda IIV Axborot xizmati.

Joriy yilning 12-aprel kuni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi. Toshkent shahar Olmazor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda jinoiy guruh aʼzosi 1979-yilda tugʻilgan, muqaddam JKning 8 ta moddasi bilan sudlangan shaxs qoʻlga olinib, uning yonidan maxsus tayyorlab qoʻyilgan 2 dona pichoq, 4 dona skotch va IIO xodimlarining dala formalari, rezina qoʻlqop, opiy giyohvandlik moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi.

Shu kunning oʻzida tezkor tadbir davom ettirilib, guruhning qolgan 4 nafar aʼzolari Namangan viloyati IIB tezkor qidiruv xodimlari tomonidan qoʻlga olindi. Ulardan jinoyat sodir etishda foydalanish uchun tayyorlab qoʻyilgan sport kiyimlari, niqob va qoʻlqoplar, 3 dona pichoq, elektroshoker qurilmasi, telefon apparatlari, giyohvandlik moddasi va boshqa jihozlar topildi.

Tezkor surishtiruv tadbirlari davomida bosqinchilik jinoyatini sodir etish uchun yana 5 nafar shaxslar taklif etilganligi aniqlanib ushlandi.

Qoʻlga olinganlarning asosiy qismi muqaddam sudlangan shaxslar yoki tadbirkor va sportchilar boʻlib, ularning aksariyati bosqinchilik rejalashtirilgan fuqaro bilan tanish boʻlgan va hatto u bilan birga ishlab kelgan.

Mazkur holat yuzasidan, Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan JKning 164-moddasi, 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling