Foto: Oliy sud
Bugun, 17-mart kuni, Buxoro viloyat sudi binosida 2022-yil 1-2-iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 39 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni tugab, sud hukmi eʼlon qilindi.
Unga koʻra, Jinoyat kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) va 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan Islam Polatov 5 yil, Sharapat Ashirbekov 8 yil, Daoʻranbek Ramanov 9 yil, Omirbek Kurbanov 10 yil 6 oy, Oralbay Dosnazarov 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 244-moddasi bilan Kamal Yeshjanov va Islambek Aitmuratovga 6 yildan, Dauletkeldi Nadirbayev, Adilbek Sariyev, Rahimjan Jumabayev, Aydos Yesemuratov, Kuanishbay Begaliyev va Manas Rahmanovga 7 yildan, Nusret Bauyetdinovga 7 yil 6 oy, Zamirbek Tadjimuratovga nisbatan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanildi.
Bundan tashqari, Alpamis Jumabekov 6 yil, Asilbek Omirzakov 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
R. Dosimbetov, A. Allanazarov, N. Duysenbayev, N. Baylepesov, A. Jumabekov, K. Bekpolatov, R. Baimbetov, Q. Baxiyev, I. Saparov, N. Xabipov va Z. Pirjanovning aybidan dastlabki tergov organi tomonidan qoʻyilgan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) 3-qismi “a” bandi (ushbu harakatlar Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan qamrab olinganligi sababli) hamda P. Yesengeldiyevning aybidan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (qoʻyilgan ayblov oʻz tasdigʻini topmaganligi sababli) chiqarildi.
Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etilganlarga nisbatan tayinlangan jazo muddatlarini ular qamoqqa olingan kundan boshlab hisoblanib, 1 nafar sudlanuvchi jazoni qattiq tartibli koloniyada, 27 nafar sudlanuvchi jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtashi belgilandi.
Ozodlikni cheklash jazosiga hukm etilganlarning dastlabki qamoqda oʻtirgan kunlari Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi vaqtini hisobga olish qoidalari) ga asosan tayinlangan jazodan chegirilishi belgilandi va ular sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling