So'nggi 5 yilda Oʻzbekistonda internetga ulanish tezligi 28 martaga oshgan – tadqiqot

Provayderlar uchun internet tariflari narxi 30 barobar, yaʼni 2017-yildagi 90 dollardan 2022-yilda 3 dollargacha arzonlashdi;

Foto: Open source

Foto: Open source

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2022-yillarda Oʻzbekistonning raqamli infratuzilmasida roʻy bergan oʻzgarishlarga oid maʼlumotda xalqaro maʼlumotlarni uzatish tarmogʻiga, yaʼni internetga ulanish tezligi 28 barobar oshgani va 2022-yilda 1800 Gbit/s ni tashkil etgani aytiladi.

Oʻtkazilgan tahlil davrida Oʻzbekistonda raqamli infratuzilmaning barcha koʻrsatkichlari boʻyicha sezilarli oʻsish qayd etilgan.

Shu jumladan:

provayderlar uchun internet tariflari narxi 30 barobar, yaʼni 2017-yildagi 90 dollardan 2022-yilda 3 dollargacha arzonlashdi;

optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 7 barobar oshib, 2017-yildagi 24,5 ming km.dan 2022-yilda 170 ming km.gacha yetdi;

mobil tayanch stansiyalar soni qariyb 3 barobar koʻpaydi va 2022-yilda 54 mingtaga yetdi;

2022-yilda aholining 75 foizi internetdan foydalanish imkoniga ega boʻldi (2017-yilda bu koʻrsatkich 34,5 foiz edi);

Uyali aloqa tarmoqlari abonentlari ulushi 2017-2022-yillarda 70 foizdan 86 foizga (oʻsish 1,2 barobar) koʻtarildi.

Qayd qilinishicha, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish (2026-yil oxirigacha uning YAIMdagi ulushini kamida 2,5 barobarga oshirish) “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida asosiy “drayver” sifatida belgilangan.

Ushbu maqsadga erishish uchun raqamli xizmatlar bozori va infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan bir qator kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Shu jumladan, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni 5 barobar, eksportini esa 10 barobar, yaʼni 500 million AQSH dollariga, iqtisodiyotning real sektoridagi ishlab chiqarish va operatsion jarayonlarda, moliya va bank sektorlarida raqamlashtirish darajasini 70 foizga yetkazish ko'zda tutilgan.

Bundan tashqari, shaharlarni rejalashtirish va qurilishni raqamlashtirish, ularni “Aqlli shahar” konsepsiyasi doirasida rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berish rejalashtirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling