Foto: Open source
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda byudjet tashkiloti xodimlarining “Tashabbusli budjet” dasturida maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi loyihalarga ovoz berishga majburlanayotgani aytilgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Hozirda loyiha doirasida jami 33 ming 600 loyiha uchun 10 milliondan ortiq ovoz berilgan. Oʻrganishlariga koʻra, yirik mahallalar aholi soni yuqori boʻlgani sababli ovoz berishda ustunlikka ega boʻlish holatlari mavjud.
Vazirlik ovoz berishda tengsizlikka yoʻl qoʻymaslik, barcha mahallalar aholisi uchun loyihalarni amalga oshirishda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida bir qancha texnik va uslubiy yechimlar ishlab chiqmoqda.
Xususan, Face ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmini joriy etiladi. Bunda tasdiqlangan foydalanuvchilar tomonidan berilgan ovozlar SMS orqali berilgan 5 yoki 10 ovozga tenglashtiriladi.
Kam sonli aholi yashaydigan mahallalar aholisi tomonidan ilgari surilgan loyihalar uchun koʻpaytirish koeffitsiyenti joriy etish amaliyoti koʻrib chiqiladi. Bunda kichik mahallalar loyihalariga katta mahallalar aholisi tashabbusi bilan teng sharoitlarda raqobatlashish imkoniyati yaratilishi koʻzda tutilgan.
“Bundan tashqari, tashabbuslar uchun ovoz berishning shaffofligi va adolatliligini taʼminlashga qaratilgan boshqa takliflar ishlab chiqilmoqda. Loyihani yanada rivojlantirish yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilish va takliflarini hisobga olish maqsadida vazirlik rasmiy kanallarida batafsil maʼlumotlar eʼlon qilib boriladi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Surxondaryo viloyati Angor tumanida oʻqituvchilarga “Tashabbusli budjet” uchun ovoz yigʻishga majburiy topshiriq berilgani aytilgandi. Maktabgacha va maktab vaziri Hilola Umarova holatga munosabat bildirib, oʻqituvchilarni ovoz yigʻishga majburlashga yoʻl qoʻyilmasligini maʼlum qildi. Vazirning taʼkidlashicha, holat boʻyicha oʻrganish ishlari boshlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling