Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ishbilarmonlik muhitiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan hamda aholi va tadbirkorlik subyektlarining eʼtirozlariga sabab bo‘layotgan ayrim masalalar hamda ularning yechimi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Xususan, tadbirkorlik subyektlarining peshlavhalari va brend belgilarini joylashtirish, umumiy ovqatlanish va savdo obyektlari uchun ayrim maʼmuriy talablar, mehnat munosabatlaridagi tartib-taomillar, naqd pulsiz to‘lovlar, soliq imtiyozlarini qo‘llash, moliyaviy jarimalar, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi hujjatbozlik kabi masalalar muhokama qilindi.
Masalan, amaldagi tartibga ko‘ra, ayrim hollarda korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmoqda.
Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha maʼmuriy yuk bo‘lishi bilan birga savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining tanilishi, mijozlar oqimi va tushumiga ham taʼsir ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan tadbirkorlik subyektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi.
Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.
Umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibini soddalashtirish, ayrim savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun ekologik ekspertiza hamda kompensatsiya to‘lovlari bilan bog‘liq tartiblarni yengillashtirish taklif etildi.
Shuningdek, mehnat munosabatlarida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi ayrim tartib-taomillarni aniqlashtirish taklif qilindi.
Raqamlashtirish va naqd pulsiz to‘lovlar yo‘nalishida aholi va biznes uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi.
Xususan, ayrim tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish amaliyoti kengayib borayotgani bois, bank infratuzilmasi, komissiyalar va isteʼmolchilarga qaytariladigan keshbek tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
Jismoniy shaxslarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish, naqdsiz to‘lovlarni aholi uchun qulay bo‘lgan shakllarini ko‘paytirish, umumiy ovqatlanish, alkogol, tamaki va yoqilg‘i sotish sohalarida xarid cheki bo‘yicha hisoblangan keshbekni tezkor qaytarish imkoniyatini yaratish taklif etildi.
Shu bilan birga, bank kartalari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida joriy etilgan antifrod SMS-xabarnomalar bo‘yicha xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish, mobil ilovalardagi xabarnomalar yoki biometrik identifikatsiya kabi muqobil yechimlardan foydalanish taklif qilindi.
Soliq maʼmurchiligi va moliyaviy jarimalar yo‘nalishida soliq imtiyozlarini qo‘llashda yuzaga kelayotgan nizoli holatlarni bartaraf etish, soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi bo‘yicha normani joriy etish, chek bermaslik holati yuzasidan xabar yuborish tizimini suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish, QQS guvohnomasini to‘xtatish tartibini takomillashtirish ilgari surildi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni soddalashtirish maqsadida import jarayonida bir-birini takrorlovchi hujjatlarni qisqartirish, tadbirkorlarga xorijda savdo uylari, filial va vakolatxonalar ochish uchun qulayroq tartib yaratish, “O‘zekspomarkaz” imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Davlat rahbari tadbirkorlik uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini biznesga qo‘shimcha yuk emas, qulaylik yaratadigan vositaga aylantirish zarurligini taʼkidladi.
Mutasaddilarga mavjud sanoat quvvatlarini to‘liq ishga solish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.