O'zbekistonda piyoz eksportiga qo'yilgan cheklov bekor qilindi

Avvalroq ichki isteʼmol bozor narxini arzonlashtirish maqsadida mahsulotni chetga sotish 1-yanvardan boshlab 4 oyga toʻxtatilgan edi.

Foto: Open source

Foto: Open source

15-martdan Oʻzbekistonda piyoz narxi barqarorlashgani sababli uning eksportiga qoʻyilgan vaqtinchalik cheklov bekor qilindi. Bu haqda Qishloq xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Kuzatilgan anomal sovuq kunlarda ochiq rastalarda saqlanayotgan piyoz muzlab qolgani, yonilgʻi yetishmasligi sababli yetkazib berishdagi uzilishlar ortidan narxlar oshgandi. Shundan soʻng mamlakatda ushbu mahsulotni chetga sotish 4 oyga toʻxtatilgan.

Ichki isteʼmol bozor narxini arzonlashtirish, aholining isteʼmol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekistonda 2023-yilning 1-yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov oʻrnatildi, — deb xabar bergandi Qishloq xoʻjaligi vazirligi.

Surxondaryo va Qashqadaryoda ekilgan ertapishar urugʻ rejadagidek unib, hosil bersa, bu boradagi taqchillik yuzaga kelmasligi va aholi talabi toʻliq qoplanishi boʻyicha hisob-kitoblar mavjud ekani qayd etilgan oʻshanda.

Fevral oyida Oʻzbekistonda inflyatsiya darajasi 0,54 foizni tashkil etgan — bu soʻnggi 5 yildagi eng past koʻrsatkichlardan biri. Sabzavot va mevalar orasida piyoz eng koʻp fevral oyida — 9,8 foizga qimmatlashgan (12 oy ichida 3 barobar). Bu anomal sovuq va piyoz zaxiralarining bir qismi yoʻqotilishi (muzlab qolgani) bilan bogʻliq.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston soʻng Qozogʻiston va Qirgʻiziston ham piyoz eksportini cheklab qoʻygan edi. Qirgʻiziston esa piyoz va sarimsoq eksportiga qoʻyilgan taqiqni muddatidan oldin (3-martda) bekor qilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling