Toshkent va Praga o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar qayta tiklanishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev va Chexiya bosh vaziri Andrey Babishning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. 

Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Chexiya bosh vaziri Andrey Babishning tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan Chexiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zaro savdo hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni, shu jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish orqali 1 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Birgalikdagi savdoni rag‘batlantirish maqsadida Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash filiali tashkil etilmoqda. Chexiyalik hamkorlar bilan “Yevro-6” standartidagi avtomobillarni sertifikatlash va kvant etaloni bo‘yicha zamonaviy laboratoriya qurilmoqda.

Chexiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mashinasozlik, “yashil” energiya, geologiya va muhim xomashyo, kimyo, farmatsevtika hamda boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish va “aqlli” shaharlar yaratish, muhandislik ishi va raqamlashtirish sohalarida kooperatsiya uchun mavjud istiqbollar qayd etildi.

Xususan, kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Chexiya biznes forumida eʼlon qilingan loyihaviy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

Tomonlar Eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi va Chexiya Eksport bankining O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash niyatini olqishladi.

Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni ilgari surish uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish va Hukumatlararo komissiyaning keyingi yig‘ilishini shu yil avgust oyida Toshkentda o‘tkazish taklif qilindi.

Madaniy-gumanitar sohada, shu jumladan, qo‘shma diplom dasturlari doirasida taʼlim va akademik almashinuvni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.

O‘zaro madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazma va konsertlarni muntazam ravishda o‘tkazish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirish muhimligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareysni qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Tartibli mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Yakunda qabul qilingan qarorlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling