Buxoroliklar viloyatdagi markaziy stadionni buzilishidan norozi bo'lib, prezidentga murojaat yo'lladi — video

Murojaatchilar Buxoro shahridagi sport majmuasini buzib, uning oʻrniga turistik markaz qurishlariga qarshi ekanliklarini bildirishgan

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda buxoroliklarning prezident Shavkat Mirziyoyevga yoʻllagan videomurojaati tarqaldi. Fuqarolar oʻz murojaatida Buxoro shahridagi sport majmuasini buzib, uning oʻrniga turistik markaz qurishlariga qarshi ekanliklarini bildirishgan.

Murojaatchilardan birining aytishicha, bu stadionga har kuni sportchilar, 1200 nafar bola va 50ga yaqin murabbiy kelib shugʻullanadi.

“Bundan tashqari, milliy gvardiya, ichki ishlar, davlat xavfsizlik xizmati xodimlari – hammasi mashgʻulotlarni shu yerda oʻtkazadi, oʻzlarining jismoniy holatini shu yerda tiklaydi. Bu yerda “Buxoro” futbol jamoasi oʻz oʻyinlarini oʻtkazadi. Biz “Buxoro” jamoasi Superligaga chiqqanida quvongan edik.

Viloyat hokimi Xorazmdagi oʻyindan keyin qoʻllab-quvvatlashni vaʼda bergan. Bu holatga qanday qaraylik, yana sarson boʻlaylikmi, boshqa shaharlarga boramizmi? Jamoa tarqab ketadi-ku.

Mayli, turistlarga joy kerak, bilamiz, turistik shahar ham kerak, ammo “Ark”dan boshlab to “Labi Hovuz”gacha turistik shaharcha bor-ku”, deydi u.

Shuningdek, murojaatchilar mazkur hududda Motamsaro ona haykali joylashgani, yashil makon doirasida 1500 ta qimmatbaho daraxt ekilganini taʻkidlagan.

“Bular nima boʻladi? Hamma narsani yiqitmoqchimisizlar? Shuncha murabbiy chempionlarni tayyorlayapti, qancha paralampiyachilar, chempionlar bor. Bizni sportdan mahrum qilmoqchimisiz? Hamma sharoit turistlarga, oʻzimizning xalq-chi, yoshlar-chi? Shuncha yoshlarimiz, chempionlarimiz qarab oʻtiribdi”, – deydi ulardan biri.

Maʻlum qilinishicha, “Buxoro” sport majmuasining katta mablagʻ sarflab taʼmirdan chiqarilganiga koʻp vaqt boʻlmagan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling