Surxondaryoda 50 ming gektar yer talon-taroj qilingani aytilmoqda

Holat yuzasidan viloyat Prokuraturasi munosabat bildirgan

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida 50 ming gektar sugʻoriladigan yer maydonlari talon-taroj qilingani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan viloyat Prokuraturasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, viloyat prokuraturasi organlari tomonidan Prezidentning “2016–2020-yillarda qishloq xoʻjaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan paxta va gʻalladan qisqargan yerlardan foydalanilishi ahvoli alohida nazoratga olingan.

Ushbu qaror ijrosini oʻrganish va tahlillarda aniqlanishicha, viloyatda 2016–2020-yillarda 50,5 ming gektar yer maydoni paxta va gʻalladan qisqartirilgan boʻlib, ushbu yer maydonlariga meva-sabzavotchilik, bogʻdorchilik, issiqxona va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari ekish rejalashtirilgan. Jumladan,

qisqartirilgan yerlar sabzavot-poliz ekilgan maydon — 7482,8 gektar;

oziqa ekinlari ekilgan maydon — 9605,1 gektar;

bogʻzorlar — 9135,8 gektar;

tokzorlar — 1094,9 gektar;

tutzorlar — 1472,3 gektar;

kartoshka ekilgan maydon — 770,5 gektar;

issiqxona xoʻjaliklari — 690,6 gektar;

dehqon xoʻjaliklari uchun — 7243,5 gektar;

gʻalla ekib, foydalanib kelinayotgani — 1701,5 gektar hisobiga toʻgʻri keladi.

Shuningdek, 11 354,8 gektar yer maydoni qishloq xoʻjaligida foydalanib boʻlmaydigan ahvolga kelib qolgani uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekilmagan. Ekin ekib boʻlmaydigan ahvolga kelib qolgan yer maydonlari:

Muzrabot tumanida — 2158,5 gektar;

Sherobodda — 2158,2 gektar;

Bandixonda — 1345,7 gektar;

Qumqoʻrgʻonda — 1058,1 gektar;

Qiziriqda — 1053 gektar;

Shoʻrchida — 947,5 gektar;

Uzunda — 812,4 gektar;

Sariosiyoda — 585,2 gektar;

Jarqoʻrgʻonda — 572,2 gektar;

Termiz tumanida — 374,6 gektar;

Oltinsoyda — 218,8 gektar;

Denovda — 60 gektar

Angorda 10,7 gektar

yer maydoniga ekin ekish imkoni yoʻq yoki qishloq xoʻjaligi muomalasidan chiqib ketgan.

Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan 2019–2022-yillar davomida yer qonunchiligi boʻyicha oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 2056 ta prokuror nazorati hujjati qoʻllanilgan.

Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining 852 ta noqonuniy qarorlarini bekor qilish haqida protest keltirilgan, qonun buzilishi uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida 84 ta taqdimnoma, 34 nafar shaxs intizomiy, 445 nafari maʼmuriy javobgarlikki tortilgan. 229 nafar shaxslar qonun talablariga rioya qilinishi yuzasidan rasman ogohlantirilgan. Sudlarga 292 ta daʼvo arizasi kiritilishi taʼminlangan. Jiddiy qonun buzulishi holatlari yuzasidan 289 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Viloyat prokuraturasi va viloyat IIB bilan hamkorlikda 32 ta tezkor tadbir oʻtkazilib, tezkor tadbirlar natijasida 37,85 gektar yer maydoni noqonuniy sotib yuborish holatlarining oldi olingan.

Shuningdek, viloyat prokuraturasi va Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan 2022-yilning 12 oyi davomida jami 938 ta holatda 318 296 gektar yer maydonlari jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻzboshimchalik bilan egallab olingani aniqlangan.

Aniqlangan qonun buzilishlarning 509 tasining bartaraf etilishi yoki oʻzboshimchalik bilan egallangan 223,41 gektar yer maydonlari dastlabki holatiga qaytarilishi taʼminlangan. Qonuniy asoslarsiz egallangan 92,27 gektar maydondagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish boʻyicha sudlarga 411 ta daʼvo arizasi kiritilgan.

Jiddiy qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 2022-yilning 12 oyida yer talon-torojligi bilan bogʻliq 108 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doirasida 24 gektar yer maydoni tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilishi taʼminlangan boʻlib, 28 gektar yer maydonini qaytarish boʻyicha sudlarga daʼvo arizalar kiritilgan.

Bundan tashqari, viloyat prokuraturasi tomonidan issiqxona qurish uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarasiz foydalanib kelgan shaxslarga qonun talablari tushuntirilishi natijasida ulardan 9 nafari ixtiyoriy ariza berib, 147,2 gektar yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishiga erishilgan.

Shuningdek, oʻrganish davomida viloyat prokuraturasi tomonidan samarasiz foydalanib kelayotgan 219 gektar yer maydonlarini davlat zaxirasiga qaytarish yuzasidan 25 ta daʼvo kiritilgan. Mazkur daʼvo arizalar Iqtisodiy ishlar boʻyicha Termiz tumanlararo sudi tomonidan koʻrib chiqilib, qanoatlantirilgan va 219 gektar yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling